hozirgi kunda Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida jadal sur'atda rivojlanib kelayotgan fakultetlardan biri Xalqaro fakultetdir. Ushbu fakultet 2020-yil yanvar oyida tashkil etilgan.
2019-2020 o'quv yilida Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti hamda Rossiya Federatsiyasining KURSK va Kuban davlat universitetlari o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yilib, qo'shma dastur asosida talabalarni o'qitish bo'yicha shartnoma imzolandi. Shartnomaga ko'ra fakultetda Davolash ishi, Farmatsyevtika va Stomatologiya yo'nalishlari tashkil etildi.
Bugungi kunda xalqaro fakultetda 378 nafar talaba tibbiyot sohasi bo'yicha tahsil olmoqda. Udardan 268 nafari qo'shma dastur asosida bilim olayotgan talabalar. 110 nafarini esa Hindiston, Pokiston, Afg'oniston, Saudiya Arabistoni, Nigeriya, Qirg'iziston va Rossiya Federatsiyasidan kelgan xorijlik talabalar tashkil etadi.
Talabalarga rus va ingliz tillarida malakali mutahassislar tomonidan darslar o'tib borilmoqda. Bundan tashqari, ta'lim sifatini oshirish va institut nufuzini ko'tarish maqsadida fakultetga chet el universitetlaridan o'z sohasining yetuk namoyonlari, fan doktorlari va professorlar taklif etilgan.
Xalqaro fakultet yangi tashkil etilganiga qaramay ko'plab yutuqlarga erishdi. Xorijiy mamlakatlarning nufuzli universitetlari bilan aloqa o'rnatilib, hamkorlikda onlayn konferensiyalar va ilmiy-amaliy anjumanlar o'tkazib kelinmoqda.
2021-2022 o'quv yili uchun KURSK davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik kengaytirilib, yana bitta yo'nalish ochilishi rejalashtirilgan. Bunga ko'ra yangi o'quv yilida Davolash ishi, Farmatsyevtika, Stomatologiya va Pediatriya yo'nalishlariga 25tadan talaba qabul qilinadi.
Mazkur qo'shma dastur asosida talabalar, belgilangan tartibga ko'ra Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida hamda KURSK davlat tibbiyot universitetida o'z yo'nalishlari bo'yicha tahsil oladilar. O'qish yakunida esa talabalarga 2ta tibbiyot oliygohining diplomi topshiriladi.
Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tibbiyot sohasida malakali mutahassis bo'lishni istagan mahalliy va xorijlik yoshlarni o'z bag'riga chorlaydi. Biz sizning orzularingiz yo'lida qanot bo'lamiz!